Yangihayot tumanida Veolia Energy Tashkent xorijiy kompaniyasi xodimi $600 pora olayotgan vaqtda qo‘lga olindi. U shu yo‘l bilan abonentning qarzini so‘ndirishga va’da bergan.
Qirg‘iziston ta’lim va fan vaziri Almazbek Beyshenaliyev yirik miqdorda — $110 ming pora olayotgan vaqtida qo‘lga tushdi, deb xabar berdi mamlakat IIV. Qirg‘iziston prezidenti matbuot kotibi mazkur ish yuzasidan keng qamrovli tergov o‘tkazilishini ma’lum qildi.
22 sentabr kuni «Toshkent metropoliteni» tuzilmasi xodimi fuqaroni ishga kiritib qo‘yish uchun undan 1000 AQSh dollari pora olayotganda ushlangan. Xodim Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan o‘rnatilgan tartibda qamoqqa olindi.
Jizzax viloyatida o‘rmon noziri 14 dona terak va qayrag‘och daraxtlari noqonuniy kesilgani holati yuzasidan jarima qo‘llamaslik evaziga 3 mln so‘m pora talab qilganlikda gumonlanyapti. Unga nisbatan jinoyat ishi ochildi.
Andijonda fuqaroni tanishlari orqali hamshira lavozimiga ishga kiritishga uringanlikda gumonlangan shaxs 1500 dollar olganida ushlandi. Farg‘onada esa boshqa bir shaxs Janubiy Koreyaga ishga jo‘natish evaziga olgan 5400 dollardan 1000 dollarini qaytargan vaqtida qo‘lga olindi.
DXX Oqoltin tumani hokimi o‘rinbosarlaridan birini o‘z xizmat xonasida MCHJ ish yurituvchisidan 400 dollar pora olayotganda ushladi. U MCHJni «qora ro‘yxat»ga kiritish bilan qo‘rqitib, 500 dollar talab qilgan.
Qashqadaryoning G‘uzor tumanida hokim yordamchisi 300 dollar olayotgan vaqtda qo‘lga olindi. U mahalliy fuqaroga viloyat tez tibbiy yordam markaziga feldsher bo‘lib ishlashga kiritishni va’da qilganligi aytilmoqda. Tuman hokimiyati «hokim yordamchisi avvalgi ish joyidagi imkoniyati tufayli pora olgani, hozirgi lavozimi unga bunday vakolatlar bermasligini» ta’kidladi.
Asaka tumani hokimligi bosh yuristkonsulti fermer xo‘jaligining suddagi ishini hal qilib berish evaziga $1000 olayotgan vaqtda qo‘lga tushdi. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Xorazm viloyati Yangibozor tumani aholi bandligiga ko‘maklashish markazi direktori M.J. tadbirkorga 122,5 mln subsidiya ajratish evaziga 10 mln so‘m olgan vaqtida qo‘lga olingan. JIB Yangibozor tuman sudi uni aybli deb topib, 5 yilga ozodlikdan, qolaversa, 2 yilga davlat tashkilotlarida mansabdor sifatida ishlash huquqidan mahrum qildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting